3-kun: Turli nuqtalardan

Dushanba, 16-yanvar 2023

Nonushtadan so'ng Taqsim maydonida ko'rishdik, rejaga ko'ra qadimiy tramvayda yurmoqchi edik, ammo bu ertalablari har 40 minutda yurgani tufayli Galata qal'asi sari piyoda yo'l oldik.

Bilet olishda omadimiz keldi, chunki navbatda deyarli hech kim yo'q ekan, bir kishilik chipta 175 Lira turadi. Yuqoriga lift bilan chiqiladi, pastga esa zina orqali qaytiladi. Birinchi maqsadimiz 7-qavatdagi platformadan shahrni yuqoridan tomosha qilish. U yer ichkari va tashqari qismlaridan 360°da aylanib Istanbulga tepadan nazar tashlash mumkin. Qal'aga barvaqt borish juda foyda qiladi, chunki bu vaqtda qal'a ayvonida kam kishi bo'ladi va vaqtingiz juda yoqimli o'tadi. Pastga tushish yo'lagi Galata muzeyi orqali o'tadi, bu yerda qal'ada va qal'a atrofida topilgan turli eksponatlar ko'rgazmaga qo'yilgan. Ushbu qal'a 6-asrlarda barpo etilgan va 1960-yillarda mashaqqat ila ta'mirlangan. 

Qal'adan chiqib eski shaharga bormoqchi edik, shu tufayli yo'limiz ustida bo'lgan yer ostida harakatlanuvchi "Tünel" metrosidan foydalanishga qaror qildik. Ushbu Yevropaning eng eski, 1857-yilda ochilishidan buyon davomiy harakatlanayotgan metrosi hisoblanadi va Beyogluni Karako'y bilan bog'laydi. Mashina qariyb 606m masofada 61,55m balandlikni bosib o'tadi. Ushbu dunyo bo'ylab tarixiylik jihatdan London metrosidan keyin ikkinchi o'rinda turadi, masofaga nisbatan esa dunyoning eng qisqa harkatlanuvchi metrolari safiga kiradi. Metro jami ikki mashinaga ega va ular bosib o'tiladigan masofa o'rtasida bir-birini uchratishadi. Metro Istanbulda yaqin masofada qatnovchi jamoat transport vositalaridan biri hisoblanadi. 

Bugun ikki qavatli Galata ko'prigining pastki qavati orqali eski shahar sari yo'l oldik. Kemalar to'xtash joyida 1,5 soatlik Bosfor bo'ylab kema sayohatiga bir kishiga 100 Liradan chipta oldik, bu hozirgacha ko'rgan ushbu turdagi ekskursiyalarimizdan eng arzoni edi. Keyingi ekskursiya 10 daqiqada boshlanadi, ajoyib!

Sayohat Yevropa tomonda boshlanib katta osma ko'prikgacha davom etgani va so'ngra Osiyo tomon orqaga qaytilgani uchun kemaning chap tomonidagi o'rindiqlardan joy olgan ma'qul. Sur'atga olish uchun esa kema orqa qismidagi platforma juda qulay, ayniqsa sohil bo'ylab joylashgan saroylar suvdan turib qaralsa betakror jozibalanib turadi. Ushbu kema sayohatini barchaga tavsiya qilish mumkin. Yo'l-yo'lakay xuddi barcha Istanbul kemalaridagidek issiq va sovuq ichimliklar taqdim etiladi, ammo narxlar hamma kemada har-xil. 

Kema sayohatidan so'ng eski shahar sari yo'l oldik, allaqachon peshin bo'lib qolgani tufayli shahar ichi ham gavjumlashib borardi. Avvalo Aya Sofiya sari yura boshladik, ammo asl maqsadimiz ushbu masjiddan biroz oldinda joylashgan. To'pkapi saroyi yoki ko'k masjid ham emas balki "cho'kgan saroy" - Cisterna Basilica. Hayot qaynagan Istanbulda bu ko'zga tashlanmaydigan ammo juda qiziqarli joy.

Kirish chiptasi 300 Lira, turli joylarda o'rnatilgan ma'lumot doskalarini aytmaganda sardobani o'zingiz ko'rib chiqasiz, har zamonda chiroqlar o'chiriladi, bu vaqtda kameraning chaqmoq funksiyasidan foydalangan ma'qul. Sardobada ko'tarilib turuvchi suv tufayli havo namligi juda yuqori, yurganda to'g'rida-to'g'ri suv ustiga o'rnatilgan panjaralarda yuriladi, suv balandligi tassavvurdagidan yuqori, suv tiniqligi uni aniq chamalashni qiyinlashtiradi. Shiftdan va devorlardan suv tomchilab turadi, sardoba hajmi taxminan 80.000 kv.m. 

Ushbu sardoba qurilishi imperator Konstantin davridayoq reja qilingan, ammo 138m uzunlikga va 65m kenglikga ega sardoba ko'rinishi va kattaligiga imperator Justinian sharofati bilan erishgan. U 532-542-yillar oralig'ida sardobani katta saroy uchun suv saqlash maqsadida barpo ettirgan, ungacha bu yerda sardobaga Cisterna Basilica nomini beruvchi bazilika joylashgan. Sardobani yangi davrda mashhur bo'lishiga avvalambor Jeyms Bond filmlari - "Moskvadan muhabbat bilan" yoki "Dan Braun do'zaxi" katta hissa qo'shishgan. 

Saroydan chiqgach kun botish vaqtini Aya Sofia hamda Sulton Ahmed masjidi oldida sur'atlar olishga foydalandik, bu yilgi safarimizda masjidlar ichiga kirmaslikga qaror qildik. 

Quyidagi galeriyada Istanbulga 2021-yilgi tashrifimiz vaqtida Aya Sofiya masjidi ichida olingan lavhalarni ko'rishingiz mumkin.

Bu yerdan tramvay bilan mehmonxona sari otlandik, biroz nafas rostlagach esa Taksim maydoniga ketdik. Bu safar tarixiy tramvayni kutib turdik, omadimiz keldi shekilli, tramvay zich emas ekan. Funikulyor singari ushbu tramvay ham jamoat transport vositasi hisoblanadi, yo'l o'rtasida bir-biriga yuzlashuvchi ikki mashina doimiy harakatda. Tramvay "Nostalgia Tramway" deya nomlangan, Taksim maydonidan boshlab harakatlanuvchi ushbu tramvaydan tashqari Osiyo qismida yuruvchi ikkinchi tarixiy tramvay liniyasi T3 Kadiköy-Moda "Nostalgia-Tramway" ham mavjud bo'lib, u jami 2,6km yo'lga ega. Bu yerda asosan 1960-yillardan chiqgan Germaniya qizil vagonlari harakatda (ammo hozirda turli reklama plakatlariga to'la). Afsuski kecha bu yo'nalish zich bo'lgani uchun ushbu tramvay liniyasidan foydalana olmadik.

Taksim-Tünel Nostalgia Tramway esa jami 1,6km masofada harakatlanadi, u 1990-yillarda tarixiy tramvay sifatida qayta ishga tushirilgan va mahalliy jamoat transport vositalari faxri hisoblanadi. Istiqlol maydonidagi portlashdan so'ng tramvay yonida tez-tez militsiya mashinalari nazorat uchun o'tib turishadi. 

T2 tramvayi so'ngi bekati yonginasida ajoyib ovqatlanish joyini ko'rib qoldik va kechki ovqatga turli pide va Ali Nazik kabobidan buyurtma qildik, bundan tashqari yangi tayyorlangan lavash noni dasturxonga tortildi. Mehmonxonaga esa piyoda qaytishga qaror qildik, ammo oldindagi masofa bizni tramvaylar bir-biriga yuzlashuvchi nuqtada ular yetib kelishini kutib turishdan to'xtata olmadi.

uz_UZ