Gavjum Istanbulda 5 kun

Turk arzon parvozlar jamiyati Pegasus Airlines katta chegirmalar taklif etgan vaqtda Istanbulga bir hafta oxiri uchun chipta olgandim, aslida alohida reys orqali sayohatimni mamlakat janubiga davom ettirmoqchi edim, ammo narxi mos yo'nalish chiqmaganligi uchun ushbu rejam amalga oshmasdan qoldi. Bir necha kundan so'ng Mrs. Red-Travels ham Istanbulga birga borish fikriga keldi va shu bilan keyingi chiptani ham oldik, bir necha haftadan so'ng esa safarimizni uzaytirishga qaror qildik va qaytish chiptalari vaqtini 15 yevrodan alishtirishga erishdik. Bu orada mehmonxona ham bron qilindi. Taksim maydoni yaqinligi tufayli Accor mehmonxonalar guruhiga kiruvchi MGallery The Artisan mehmonxonasida tunashga qaror qildik.

Parvoz vaqti yaqinlashib qolgach qaytganimizda yarim tunda jamoat transport vositalarini kutmaslik uchun shahrimiz ayroporti mashinalar turar joyida mashinamizni qoldirish uchun joy bron qildik. Ikki kishilik taksi besh kunlik mashina joyidan ko'ra qimmatroq bo'lardi. 

Juma, 13-yanvar 2023

21:45ga yaqin uyni tark etdik, ayroportgacha yo'l mashina bilan chorak soatcha davom etadi, bu vaqt oralig'ida ayroport sari harakat juda kam, mashinani o'tgan safarimizda ham qoldirgan joyga qo'yganimizdan so'ng kirish sari yo'l oldik va bord kartalarini oldik.

Ertaroq yetib kelishni foydasi ko'p, aks holda navbat kutish juda cho'zilishi mumkin. Nazorat nuqtasida ham odam kamligi tufayli besh daqiqa ichida pasport nazorat nuqtasiga yetib keldik. Afsuski bugun federal politsiya ishini ancha kech boshladi va samolyotga chiqishga yarim soat qolganda ko'rindi, shunga qaramasdan reysimizga o'z vaqtida ulgurdik. 

uz_UZ